Jahon | 11:18 / 04.05.2023
3486
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada Anna Politkovskaya nomidagi mukofot ta’sis etildi

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi jurnalistik jasorat uchun Anna Politkovskaya nomidagi mukofot ta’sis etilganini e’lon qildi. Mukofot urush yoki inqiroz davrida ishlagan jurnalistlarga beriladi.

Anna Politkovskaya / Foto: NOVAÏA GAZETA

Fransiyada Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan rossiyalik jurnalist va huquq himoyachisi Anna Politkovskaya sharafiga yangi jurnalistika mukofoti ta’sis etildi, deya xabar bermoqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi va “Novaya gazeta” 3 may, chorshanba kuni.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, “Jurnalist jasorati uchun Anna Politkovskaya mukofoti” “urush, inqiroz yoki beqarorlik sharoitida ishlayotgan” OAV xodimlariga beriladi. Mukofot Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna va “Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratov tashabbusi bilan ta’sis etilgan.

“Novaya gazeta” manbalariga ko‘ra, birinchi marta yangi mukofot noyabr oyida har yili o‘tkaziladigan Parij tinchlik forumi chog‘ida topshirilishi mumkin. G‘olibni hakamlar hay’ati tanlaydi, unda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Anna Politkovskayaning farzandlari - Vera va Ilya Politkovskiylar, "Chegara bilmas muxbirlar" inson huquqlari tashkiloti vakili, taniqli fransuz muxbiri va “Novaya gazeta” jurnalisti bo‘ladi.

Anna Politkovskaya 2006 yil 7 oktyabrda Moskvaning Lesnaya ko‘chasidagi uyining kiraverishida o‘ldirilgan.

Mavzuga oid