O‘zbekiston | 15:03 / 15.10.2022
17379
7 daqiqa o‘qiladi

Zangiotada yangi qurilgan bog‘chaning devorlari bir yilda qulab tushdi

2021 yil sentabr oyida foydalanishga topshirilgan bog‘cha binosining ichki devorlari qulab tushgan. Quruvchi tashkilot mas’uliyatni o‘zidan soqit qilishga urinmoqda.

Yaqindagina Zangiota tumani Nazarbek shaharchasida yashovchilarni qiynayotgan yo‘l muammosi haqida reportaj e’lon qilgan edik. Afsuski, hudud aholisi ta’lim tashkilotlarining ahvolidan ham shikoyat qilmoqda. Gap shundaki, 11 oktyabr kuni Nayman mahallasidagi 23-sonli bog‘chaning devorlari cho‘kib, bir ahvolga kelgan.

Holatni o‘rganish maqsadida bog‘chaga bordik va mudira Nargiza Magdiyeva bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, bu maktabgacha ta’lim tashkiloti 2021 yil 13 sentabr kuni foydalanishga topshirilgan. Lekin topshirilganiga atigi 1 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, ahvol shunday… Devorlar cho‘kib, yuqori qismlari yorilib yotibdi.

23-sonli bog‘cha, Zangiota tumani, Nazarbek QFY, Nayman mahallasi

“12 oktyabr kuni ertalab ishga kelganimizda shunday holat yuz bergan ekan. Bu devorning tagi shibbalanmagan (trambovka qilinmagan), suv ketgani uchun devorlar cho‘kkan deb aytishmoqda. Bir kunda sodir bo‘ldi hammasi, 11 oktyabr kuni kechasi soat 6 da ketayotganimizda barcha narsalar joyida edi.

Ertasi kuni bu holat bo‘lib turibdi, hozir hamshira xonasi, idish-tovoq yuvadigan xona va omborxona devorlari cho‘kkan.

Devor cho‘kkanini ko‘rgach, o‘sha kuni bolalarni 1 kun qabul qilmadik. Quruvchini chaqirdik, kelib ko‘rdi. 12 oktyabr kuni ertalabdan ishchi xodimlarini olib kelib, to‘g‘rilab berishni boshlashdi.

Yuqori tashkilotlardan ham kelib ko‘rishdi, aylanma yo‘llarimiz borligi uchun devor cho‘kkan hududdagi eshiklarni yopib, bolalarni o‘sha aylanma yo‘llar orqali xonalarga olib chiqyapmiz. Majburan bolalarni qabul qilyapmiz”, – deydi bog‘cha mudirasi.

Nargiza Magdiyeva, 23-sonli MTT mudirasi

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, shu vaqtgacha bog‘chada bunday nosozliklar kuzatilmagan. Kichik kamchiliklar tezda bartaraf etilgan. 23-sonli bog‘cha 100 dan oshiq bolani qabul qilish quvvatiga ega, ammo ayni vaqt qurilish ishlari olib borilayotgani uchun 80-90 nafar bola qabul qilinmoqda.

Nayman mahallasida yashovchi, qolaversa, shu bog‘cha qurilishida bir muddat ishtirok etgan va farzandini aynan shu MTTga bergan Marat Allaberganovga ko‘ra, devorlar cho‘kishi qurilish ishlari sifatsiz bajarilganidan darak beradi.

“Bog‘cha qurilayotgan vaqtda hamma ustalar keldi, andijonlik bir odam prorablik qilgan shu yerda. Ikki qop sement qo‘shiladigan yerga bir qop, 3 qop qo‘shiladigan joyga esa 2 qop sement qo‘shgan. Bunday katta obektlar qurilishida aytilgan narsalar kerakligicha qo‘shilmaydi, baribir. Hammasi o‘zining cho‘ntagini o‘ylaydi. Oqibatda esa mana shunday yorilish bo‘ladi, Ertaga Xudo ko‘rsatmasin, kimdirning bolasini devor bosib qolsa, kimga jabr, kimga azob bo‘ladi?” – deydi u.

Marat Allaberganov, Nayman mahalla fuqarosi

Bu gaplardan farqli o‘laroq “Nayman” MFY raisi Marat Tashenov qurilish sifatli qilingani, muammo kanalizatsiyada bo‘lganini aytyapti.

“Bog‘cha qurilayotgan vaqtda hammamiz tepasida bo‘lgan edik, sifatli bo‘lgan edi. Barchamiz xursand bo‘lgandik, 11 oktyabr kuni kechasi shu holat bo‘libdi. Mutaxassislarning aytishicha, bunda kanalizatsiya quvuri yorilgan ekan-da. Yerosti xonasi yo‘q, shuning hisobiga ham qo‘shimcha xonalarimizning devorlari cho‘kkan. Yuqori tashkilot mutasaddilarining bundan xabari bor, Xudo xohlasa, tez kunlarda bu muammo ham bartaraf etiladi”.

 

Marat Tashenov, "Nayman" MFY raisi

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Zangiota tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda tuman hokimiyati bilan qayta-qayta bog‘lanishga urindik, ammo go‘shakni ko‘tarishmadi. Oradan bir muddat o‘tgach, Zangiota tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimi bilan ulanishga muvaffaq bo‘ldik, ammo u bir joyda ekanini, birozdan so‘ng aloqaga chiqishini aytdi. Kutdik, biroq hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi.

Mahalliy aholining ta’kidlashicha, dastlab bu bog‘chani “Nurafshon-qurilish invest 1-sonli tresti” MChJ qurib bitkazgan, undan oldin esa qurilishni boshqa tashkilot boshlagan. Qurilish ishlari o‘lda-jo‘lda bo‘lgani uchun o‘sha tashkilot rahbaridan juda ko‘plab kamchiliklar aniqlangan va chora sifatida unga qamoq jazosi berilgani ham aytilmoqda.

Holat yuzasidan “Nurafshon-qurilish invest 1-sonli tresti” bilan bog‘landik. Trestning sobiq rahbari Obid Mamataliyevning aytishicha, bog‘cha 2019 yilda qurib bitkazilgan va mas’ul tashkilotga topshirilgan.

“O‘sha yili qurib, topshirganimni bilaman. Shundan so‘ng, bog‘chaga “gazon” ham qilib berdim, bog‘cha xodimlari shu “gazon”ga yengil-yengil suv sepishi kerak, chunki maysazordan keyin, 1:20 lik joyda yo‘l bor, shundan keyin devor keladi. Shlangda suv tashlab qo‘yib, shu devorga tonnalab suv kirgizib yuborishyapti-da. Nimaga unday qilayotganini so‘rasam, sepib charchashganini va shuning uchun shlangni maysazorning o‘rtasiga tashlab qo‘yishayotganini aytishmoqda. Oqibatda esa devorlar cho‘kib ketgan.

Hozir cho‘kkan devorlarni buzishmoqda, uni ochganidan keyin aybdor kimligi aniq bo‘ladi. Yo maysazorni noto‘g‘ri sug‘orish, yo kanalizatsiya muammosi sabab bo‘ladi. U yerda “trambovka”lar yaxshi bo‘lgan, 60-70 sm qalinlikda beton quyilgan. Agar gap aynan “trambovka”da bo‘lganida, 3 yilga chidamasdan “osadka” berar edi”, – demoqda bog‘chani qurib bitkazgan pudratchi.

Ma’lum qilinishicha, bog‘chadagi bu muammo bir haftada bartaraf etilib, Kun.uz tahririyatiga uning hisobotlari yuboriladi.

Reportaj so‘ngida esa mutasaddilardan budjet mablag‘larini turli xil anjuman, keraksiz tadbirlarga emas, balki mana shunday aktual masalalarni hal etishga sarflashlarini so‘rab qolar edik.

Dilshoda Shomirzayeva,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid