Jahon | 23:09 / 14.05.2021
17626
2 daqiqa o‘qiladi

Pashinyan Putindan harbiy yordam so‘radi

Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Armanistonning Ozarboyjon bilan chegaradosh Syunik oblastidagi vaziyat sababli harbiy yordam so‘rab maktub yo‘lladi. 

Foto: RIA Novosti

12 may kuni Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon kuchlari chegaradagi uchastkalardan birida «chegarani belgilab olish» bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirishga uringanini ma'lum qildi. Pashinyanning ta'kidlashicha, ozarboyjonlik harbiylar buning uchun Armaniston chegarasini kesib o‘tishgan. 13 may kuni Yerevan Bokuni Armaniston hududiga qo‘shinlarni kiritishga uringanlikda ayblagan. 14 may kuni Armaniston mudofaa vazirligi 13 maydagi kelishuvga qaramay, Ozarboyjon kuchlari Syunik oblastida qolayotganini ma'lum qilgan.    

«Kecha erishilgan kelishuvga ko‘ra, bugun (14 may) Ozarboyjon qurolli kuchlari Armanistonni tark etishi kerak edi. Bu kelishuv qisman bajarildi va Ozarboyjon kuchlari tark etgan hududlar bor. Biroq u to‘liq bajarilmagani sababli men 1997 yildagi Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam haqidagi kelishuvga muvofiq Rossiya prezidentiga Armanistonga ko‘mak, jumladan, harbiy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qildim», deb ma'lum qilgan Pashinyan chegaradagi vaziyat bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda.

Yerevan chegaradagi hodisani oldindan rejalashtirilgan ig‘vo deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, Armaniston Syunik oblastida voqealar rivoji «yomon ssenariy» bo‘yicha ketishi ehtimoli borligini va bunga tayyor turish kerakligini aytmoqda.

O‘z navbatida, Ozarboyjon Yerevanning chegara bo‘yicha kelishib olish jarayoniga munosabatini «noadekvat» deb atagan va Armaniston hukumatini saylovlar oldidan vaziyatdan ichki siyosiy maqsadlarda foydalanmaslikka chaqirgan.  

Armaniston, shuningdek, Syunik oblastidagi vaziyat bo‘yicha KXShTga rasmiy murojaat yo‘llagan. Murojaat ko‘rib chiqilish muddati uch kunni tashkil qiladi.

Mavzuga oid