O‘zbekiston | 18:19 / 13.04.2021
6310
2 daqiqa o‘qiladi

Yer berildimi, daromad topguncha o‘rgatishimiz kerak – prezident yoshlarga ajratilayotgan yer maydonlariga to‘xtaldi

Yoshlar bandligi masalasida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev qishloqdagi yoshlarga ajratilgan yerlarni o‘zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish va ularni yerdan daromad olishga o‘rgatishni hokimlar, sektor va klaster rahbarlari «patronaj»ga olishi zarurligini aytib o‘tdi.

«Bu sohada ham yoshlarimizni yerdan daromadga kirishgacha bo‘lgan davrda «ustoz va shogird» tizimi joriy qilinib, fermer, klaster hamda sektor rahbarlari yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatishi shart.

Bu borada, respublika bo‘yicha 21ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratilgan. Amudaryo va Baliqchi – 4 ming nafardan ziyod, Mingbuloq, Yangiyo‘l, Shahrixon – 3 mingdan, Do‘stlik, Bekobod, Bog‘ot – 2,5 mingdan ortiq.

Lekin, 20ta tumanda bu ko‘rsatkich 300 nafarga ham yetmaydi. Boysun – 55ta, Qorovulbozor – 102ta, Qiziriq – 120ta, Bo‘stonliq – 150ta, Termiz tumani – 179ta, Samarqand, Ohangaron va Yuqori Chirchiq tumanlari – 205tadan, Yangiobod va G‘uzor – 215tadan, Zangiota va Buxoro tumanlari – 230tadan, Angor, Bandixon va Zafarobod – 260tadan, Quyi Chirchiq, Muborak va Toshkent tumanlari – 265tadan.

Yer berishning o‘zi bilan ish bitmaydi, uni daromad olguncha o‘rgatishimiz kerak. Yer aldovni kechirmaydi», – dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yuldashev yoshlarga ajratilgan yerlardagi agrotexnik tadbirlar, kutilayotgan hosil, uning bozori va bu borada kelgusidagi rejalarini tushuntirdi.

«Yoshlarimizga 1, 0,5, 0,3 gektardan yer bo‘lib berdik. Yana budjetdan tashqari mablag‘larimiz hisobiga maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga autsorsing asosida nonushta tashkil qildik. Kelgusida bunday maktablar qamrovini kengaytirmoqchimiz», – dedi tuman hokimi.

Prezident bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va parrandachilikni rivojlantirish hisobiga bolalarga tuxum ham yetkazish sog‘likka foydali ekanligini ta'kidladi.

Mavzuga oid