Samarqandda maktab qurilishi uchun davlat tomonidan ajratilgan 631 million so‘m talon-toroj qilindi
Samarqand viloyatida davlat tomonidan maktab qurilishi uchun ajratilgan katta miqdordagi pul talon-toroj qilingan. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Samarqand tumanidagi 24- maktabda «F.» nomli MChJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlari tekshirilgan. Qurilish korxonasi rahbarlari smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilish-montaj ishlarini amalda to‘liq bajarmasdan, ma'lumotlarni qo‘shib yozish orqali 631,7 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi.
Ma'lumot uchun, Samarqand tumanidagi 24-maktab tumanning Pulimug‘ob mahallasida joylashgan.
Viloyat prokuraturasi vakillari davlat budjetidan ajratilgan pullarni o‘marish bilan bog‘liq yana bir jinoyatni fosh etgan. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi uchta mahallaga suv chiqarish maqsadida qurilgan suv inshootida «N.» nomli MChJ tomonidan amalga oshirilgan ishlar o‘rganilganda, korxona rahbarlari smetada ko‘rsatilgan ishlarni to‘liq bajarmay, ma'lumotlarni qo‘shib yozish orqali 240,5 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Yuqoridagi ikki holat yuzasidan MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Jinoyat kodeksida bu modda bilan ayblanganlarga nisbatan ular keltirilgan zararni qoplagan taqdirda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasligi belgilangan.
Mavzuga oid

17:56 / 18.04.2025
Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha «Afrosiyob» poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

17:01 / 08.04.2025
Samarqand iqlim forumida qanday natijalarga erishildi?

14:48 / 08.04.2025
Samarqandda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini kengaytirish uchun 217 ta turarjoy binosi buziladi

10:47 / 08.04.2025