Koronavirusga qarshi kurashayotgan xodimlarga 54 milliard so‘mdan ortiq mukofot puli to‘landi
O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnati uchun minnatdorlik bildirib, ularga to‘langan qo‘shimcha maosh haqida ma'lumot berdi.

Foto : KUN.UZ
Twitter'da ma'lumot qoldirgan Ishmetovga ko‘ra, 7 may holatiga binoan 15 ming 825 nafar shaxsga 54,9 milliard so‘m to‘langan.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar belgilangan.
Shuningdek, prezidentning qarori bilan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan:
- vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million so‘m;
- o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million so‘m;
- kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million so‘m;
- boshqa xodimlarga — 5 million so‘m.
Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lov olgan xodimlar soni 14 ming 301 nafarni tashkil etadi. Ularga jami 22 milliard 832 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, 14 kunli faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovini 1524 nafar tibbiyot xodimlari olgan. Shu maqsadda ularga 32 milliard 48 million so‘m ajratilgan.
Timur Ishmetovning bildirishicha, ajratilgan mukofot mablag‘larning o‘z egasiga yetib borishi to‘liq nazoratga olingan. Shu bilan birga, uning boshqaruvidagi vazirlik mukofot pullari taqsimotini hududlar kesimida batafsil bayon qilgan.
Mavzuga oid

11:25 / 30.05.2025
SSV: O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror

17:25 / 29.05.2025
Osiyoda COVID yana keng tarqaldi, hukumatlar niqob taqishga chorlamoqda

23:21 / 15.05.2025
Osiyoda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshdi

00:12 / 05.05.2025