Jahon | 19:56 / 10.04.2020
7499
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus pandemiyasi sababli dunyo bo‘ylab 100 ming dengizchi kemalarda qolib ketdi

Butun dunyo bo‘ylab 100 mingga yaqin dengizchi koronavirus tarqalishi sababli kemalarni tark eta olmayapti.

Foto: Bloomberg

Bu haqda soha kasaba uyushmalari vakillariga iqtibos keltirgan holda Deutsche Welle nashri xabar berdi

Hozirda dunyo portlarida virus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida cheklovlar amal qilmoqda. Bu cheklovlar orasida kemalarning portlarga kirishiga taqiqlar yoki ekipajlar uchun majburiy karantin kabilar bor. Vaziyatni kema jamoasining sog‘lig‘i haqida formulyarlarni to‘ldirish zarurligi hamda reyslar bekor qilingani sababli uyga qaytish imkoni yo‘qligi kabilar qiyinlashtirmoqda.

Shu munosabat bilan Xalqaro kemachilik palatasi va xalqaro kasaba uyushmalar “Katta yigirmatalik” davlatlari hukumatlariga maktub bilan murojaat qildilar. Hujjat mualliflari hukumatlarni barcha ehtiyot choralari rioya qilinishi sharti bilan dengizchilarga kemalarni tark etish imkonini ko‘zda tutish hamda savdo kemalarida shifokorlar yo‘qligi sababli ularning qirg‘oqda tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta'minlashga chaqirishgan.

Maktubda ta'kidlanishicha, ekipajlar almashtirilishini insonparvarlik, xavfsizlik va mehnat huquqi nuqtai nazardan uzoq vaqtga qoldirib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid