Jahon | 08:48 / 09.04.2020
13377
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyaning kruiz layneridagi barcha odamlar koronavirusga chalinishlari mumkinligi ma'lum qilindi 

Urugvay yaqinida qolib ketgan Greg Mortimer kruiz layneridagi barcha yo‘lovchilar va epikaj a'zolari kemada xavfsizlik choralariga rioya qilinmayotgani sababli koronavirusga chalinishlari mumkin.

Foto: AFP/Pablo Porciuncula

Bu haqda shifokorlar bilan birga kemaga ko‘tarilgan tibbiyotchi Marselo Xilard ma'lum qildi.

“Kemada 120 kasallangan bor, biroq bizni ajablantirgani, virusga chalinganlar va kasallanmaganlarning bir kayutada qolayotgani bo‘ldi. Shu sababli, agar mendan u yerda kim kasal, kim yo‘q, deb so‘rasangiz, kemadagi barcha odamlar kasal bo‘lishi mumkin, deb aytishim mumkin”, deb aytgan Xilard.

“Bu dahshat, ular uylaridan olisda, kasal holda kemada tutqunlikda qolmoqdalar va hattoki kayutalaridan chiqa olmaydilar”, deb qo‘shimcha qilgan mutaxassis.

Ta'kidlanishicha, Xilard ba'zi yo‘lovchilar va kema sardori bilan doimiy aloqada qolmoqda.

Bundan tashqari, ekipajning aksariyat qismi ham kasallangan, biroq ular shunga qaramay, ishlashni davom ettirmoqda va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Avstraliyaga qarashli Greg Mortimer kemasi Urugvaydan 20 km uzoqlikda bir haftadan beri qolmoqda. U bu yerga Argentinaning Ushuayi shahridan kelgan, biroq yo‘lovchilar va ekipajga kemada koronavirus tarqalgani sababli sohilga tushishga ruxsat berilmagan. Kemadan shoshilinch tibbiy yordam talab etilgan bir necha kishigina evakuatsiya qilingan. Urugvay hukumati Avstraliya va Yangi Zelandiya fuqarolarini kemadan olib ketadigan samolyot qo‘nishiga ruxsat bergan. Biroq laynerdagi boshqa odamlar, jumladan yevropaliklar va amerikaliklarning taqdiri hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid