O‘zbekiston | 19:52 / 01.04.2020
39614
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkonsert»: San'atkorlar karantin davridan buyon 352 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriya qildi

San'atkorlar tomonidan «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga 200 mln 500 ming so‘m hamda kam ta'minlangan oilalar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami uchun 152 mln so‘m – jami 352 million 500 ming so‘m xayriya mablag‘lari yo‘naltirilgan.

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda san'at ahlining jimib qolgani, xayriya ishlarida ham faol emasligi haqida tarqalgan fikrlarga munosabat bildirdi.

“Aslida millat boshiga og‘ir kunlar kelganida san'atkorlar ham chetda turmasdan, birinchilardan bo‘lib, karantin davrida odamlarning uyda o‘tirishlari uchun tayyorlanayotgan turli ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar-u, koronavirusdan himoyalanish uchun nimalarga amal qilish kerakligi haqidagi turli chellenjlarda faol ishtirok etishmoqda.

 Bundan tashqari, san'atkorlarimiz ham ko‘pchilik qatori xalqimizning og‘ir kunlarida yurtimizda yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga va kam ta'minlangan oilalar, aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami uchun ham xayriya ishlarini amalga oshirib kelishmoqda”, deyiladi unda.  

“O‘zbekkonsert”ning ta'kidlashicha, bunday ishlar xayriya bo‘lganligi bois ko‘pchilik san'atkorlar tomonidan oshkor qilinmasdan kelinmoqda.

“Bugungi kunda bizga ma'lum bo‘lganlaridan, karantin davrining ilk kunlaridan to shu kunga qadar O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Usmonova, Farrux Zokirov, Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ulug‘bek Rahmatullayev, Mavluda Asalxo‘jayeva, Hosila Rahimova, Alisher Turdiyev, Ziyoda Qobilova, rejissyor Sa'dulla Abdullayev hamda boshqa san'atkorlar tomonidan “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 200 million 500 ming so‘m hamda kam ta'minlangan oilalar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami uchun 152 million so‘m, umumiy hisobda 352 million 500 ming so‘m xayriya mablag‘lari yo‘naltirilgan”, deya ma'lumot beriladi muassasa tomonidan hamda bu boradagi ishlar bundan buyon ham faol davom etishi ta'kidlanadi. 

Mavzuga oid