O‘zbekiston | 17:47 / 04.02.2020
123935
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: O‘zbekiston 250 nafar fuqarosini Xitoydan olib keldi

O‘zbekiston xavfli koronavirus tarqalayotgan Xitoy hududidan fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshladi.

Bugun, 4 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:21da Uzbekistan Airways aviakompaniyasining charter reys orqali O‘zbekiston fuqarolarini Xitoydan evakuatsiya qilgan samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. 

Samolyotda 250 nafar yo‘lovchi, ekipaj a'zolari, shuningdek, tibbiyot xodimlari zamonaviy himoya vositalari bilan ta'minlangan virusologiya sohasi mutaxassislari Pekindan olib kelindi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi 

«Charter reysga Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar bo‘yicha tajribali mutaxassis va epidemiolog-shifokorlari hamrohlik qilishdi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Lozim bo‘lganda zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Xitoydan olib kelingan vatandoshlarimiz koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta'minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelinayotgan fuqarolarimiz ikki hafta davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat'iy karantin holatida saqlanadi. Shu davr yakuniga qadar harorati ko‘tarilgan yoki boshqa kasallik alomatlari yuzaga kelganda zudlik bilan alohidalash, maxsus laboratoriya tekshiruvidan to‘liq o‘tkazish hamda davolash ishlarini standartlar bo‘yicha olib borish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan. Shu davrda ularning oila a'zolari bilan uchrashishi taqiqlanadi. Yaqinlari bilan faqat maxsus telefon aloqasi orqali muloqot qilishi mumkin bo‘ladi.

Tashkil etilgan vaqtincha karantin muassasalarida yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishadi. Ular xavfli infeksiyalarga qarshi kurashda tashxis qo‘yish, davolash hamda karantin tadbirlarini tashkillashtirish tajribasiga ega. Shifokorlar karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat olib borishadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi  Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yo‘lovchilarning vaqtincha turar joy markazida bo‘lishiga oid savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh ofisiga quyidagi telefon orqali murojaat qilish mumkin: +998 (71) 276-49-66.

Ayni vaqtda olib kelinganlarning qanchasi xavfli koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxandan evakuatsiya qilingani ma'lum emas. Uxanda qolayotgan boshqa vatandoshlarni ham olib kelish uchun yana bir samolyot Xitoyga yuborilgan.

Mavzuga oid