O‘zbekiston | 19:45 / 31.01.2020
23766
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: O‘zbekiston koronavirus tufayli Xitoyga borishni cheklamoqda

Foto: EPA

O‘zbekiston hukumati Xitoyga safarlarni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida topshiriq berdi. Bu haqdagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.

«O‘zbekiston hukumati koronavirus epidemiyasi rasman bartaraf etilmagunicha Xitoyga safarlarni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida topshiriq berdi», deyiladi xabarlarda.

31 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2019-nCoV koronavirusining tarqalishini xalqaro darajadagi tibbiy favqulodda holat deb e'lon qildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanish oqibatida kamida 213 kishi halok bo‘lgan, qariyb 10 ming kishi virusni yuqtirib olgan. JSST ma'lumotiga ko‘ra, Xitoydan boshqa yana 18 davlatda jami 98 nafar bemor aniqlangan, ammo Xitoydan tashqarida o‘lim holatlari kuzatilmagan.

Ayni vaqtda xavfli koronavirus Rossiya va Buyuk Britaniya hududiga ham yetib kelgan.

Bundan avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Xitoy fuqarolarining O‘zbekistonga kirib kelishini vaqtinchalik cheklashni taklif qilgandi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda koronavirus o‘chog‘i bo‘lmish Uxan shahrida 72 nafar o‘zbekistonlik talaba qolmoqda.

Mavzuga oid