Markaziy bank bankomatlar 1 oktyabrdan naqd xorijiy valuta berishni to‘xtatishini tasdiqladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki jismoniy shaxslarning xalqaro to‘lov kartalaridan naqd pul mablag‘larini yechib olish to‘g‘risida rasmiy bayonot berdi.
«O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro to‘lov kartalaridan (XTK) naqd valuta mablag‘larini yechib olishga oid ommaviy axborot vositalaridagi nashrlar yuzasidan Markaziy bank quyidagilarga ma'lum qiladi.
Valuta ayirboshlash operatsiyalarida qulayliklar yaratish hamda ularni soddalashtirish maqsadida, 2019 yil avgust oyining uchinchi o‘n kunligidan boshlab tijorat banklaridagi valuta ayirboshlash shaxobchalari orqali jismoniy shaxslar – rezidentlarga naqd xorijiy valutani sotish amaliyoti joriy qilindi.
Shu bilan birga, amaliyotda jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni amalga oshirish, xususan mamlakat hududida boshqa shaxslar tomonidan norezidentlarning xalqaro to‘lov kartalaridan valuta mablag‘larining yechib olinishi holatlari mavjud va ular bo‘yicha xatarlar yuzaga kelmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar milliy valuta – «so‘m»da amalga oshirilishi lozimligi, shuningdek xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda joriy yilning 1 oktyabridan boshlab mamlakat hududida bankomatlar orqali XTKdan mablag‘larning yechib olinishi faqat milliy valutada amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar – rezidentlar bevosita tijorat banklari muassasalarida shaxsni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim qilgan holda XTKdan xorijiy valutadagi naqd pul mablag‘larini cheklovlarsiz yechib olish huquqiga ega.
Jismoniy shaxslar – norezidentlar tomonidan bankomatlar yoki valuta ayirboshlash shaxobchalarida konvertatsiya qilinib, sarflanmay qolgan milliy valutadagi pul mablag‘lari qonunda belgilangan tartibda valuta ayirboshlash shaxobchalarida naqd xorijiy valutaga ayirboshlanadi», deyiladi bayonotda.
Bundan avvalroq, «Ipak yo‘li» banki O‘zbekistonda 1 oktyabrdan boshlab bankomatlar naqd xorijiy valuta berishni to‘xtatishi, bankomatlar faqat milliy valutada naqd pul chiqarib berishi haqida ma'lumot bergandi.
Mavzuga oid

17:09 / 05.04.2025
Markaziy bank kartadan pul o‘tkazmalariga qo‘yilgan yangi talabga izoh berdi

16:36 / 29.03.2025
Oxirgi 5 yilda korporativ tashqi qarz miqdori 2,4 barobarga oshgan – Markaziy bank hisoboti

19:51 / 24.03.2025
Markaziy bank 5 ta bankni jarimaga tortdi

20:17 / 21.03.2025