23:55 / 03.06.2018
10466

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Shvetsiya

Foto: Getty Images

ShVeTsIYa TeRMA JAMOASI

Laqabi: Blågult (sariq-ko‘klar)
Konfederatsiya: UYeFA
Libos rangi: sariq/ko‘k
FIFA reyting o‘rni: 23
Jamoa sardori: Andreas Grankvist
Terma jamoa tarixidagi eng ko‘p gol urgan: Zlatan Ibrahimovich (62)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan: Anders Svensson (148)
Eng yirik g‘alaba: Latviya 12:0 (1927), Koreya 12:0 (1948)
Eng yirik mag‘lubiyat: Britaniya 1:12 (1908)

TARIXI

Shvetsiya deganda asosan Yevropaning o‘rtamiyona terma jamoasini tushunsak-da, agar o‘tgan asrning birinchi yarmiga murojaat qilsak, futbol rivojining ilk yillarida Shvetsiya futbolda dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri edi. Shvetsiyalik futbolchilar uch marta olimpiada medallarini qo‘lga kiritganlar, JCh-38 va JCh-50 da mos ravishda to‘rtinchi va uchinchi o‘rinni olgan edilar. Gunnar Nordal (Italiya chempionati tarixidagi uchinchi bombardir), Sven Ryudel (Ibrahimovichgacha Shvetsiya terma jamoasi tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi), Gunnar Gren ("Milan"ning afsonaviy Gre-No-Li triosidan yana biri) kabi futbolchilar jahon miqyosida ham taniqli futbol yulduzlari bo‘lgandilar.

Butun dunyoga Peleni tanitgan mundial esa, aynan Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan va o‘sha turnirda shvedlar finalgacha yetib borgandilar. Ayniqsa, Shvetsiyaning finalgacha bosib o‘tgan yo‘li juda qiyin bo‘lgan va mezbonlar o‘sha davrning eng kuchli terma jamoalaridan ustun keldilar. Guruh bosqichida avvalgi mundial finalchisi Vengriya ortda qoldirildi. O‘sha paytdagi Vengriya garchi Pushkashsiz qolgan bo‘lsa-da, Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri edi. Chorak finalda olimpiada chempioni sobiq Ittifoq terma jamoasi, yarim finalda esa, jahon chempionlari GFR terma jamoasi ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonildi. Braziliya finalda yirik 5:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, mezbonlarning mundialdagi ishtiroki juda yaxshi taassurot qoldirgan.

Shvetsiya keyingi jahon va Yevropa chempionatlarida juda muvaffaqiyatsiz qatnashdi. Jahon chempionatlarida doimo guruhda qolib ketavergan bo‘lsa, Yevropaning eng muhim turniriga saralashdan o‘ta olmay keldi. Toki, 1992 yilgi Yevroni o‘z maydonida o‘tkazmaguncha. Aynan Shvetsiyada o‘tgan Yevropa chempionati mamlakat futbolini rivojlantirdi deb aytish mumkin. Shvedlar guruhda Angliya va Fransiyani ortda qoldirib, yarim finalga chiqqanliklari bir masala, bundan tashqari, aynan mana shu turnirda terma jamoa asosini tashkil qilgan futbolchilar ikki yil o‘tib jahon chempionatida ham chinakamiga porlashdi.

Foto: EMPICS Sport

AQSh-94 da chempion bo‘lgan Braziliya terma jamoasi uchun eng qiyin raqib Shvetsiya bo‘lgan ekan. Buni braziliyaliklar murabbiyi Karlos Alberto Pereyra ham tan olgandi. O‘shanda Braziliya va Shvetsiya ikki marta to‘qnash kelishgan. Dastlab, guruh bosqichida o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. Keyin esa, yarim finalda V guruhi g‘oliblari yana raqib bo‘ldilar. Bu safar Romarioning o‘yin oxirlarida urgan yagona goli o‘yin taqdirini hal qildi.

Boshqa o‘yinlarda Shvetsiyani to‘xtatib bo‘lmadi. Rossiya, Kamerun, Saudiya Arabistoni, Ruminiya kabi terma jamoalar tiz cho‘ktirildilar. Ayniqsa, uchinchi o‘rin uchun Bolgariyaga qarshi o‘tkazilgan bahs shvedlarning chempionatdagi eng yorqin o‘yinlaridan biri bo‘lgandi - 4:0

Martin Dalin, Tomas Brulin, Yonas Tern, Xenrik Larson, Kennet Anderson va ayniqsa, darvozabon Tomas Ravelli chempionatda juda yorqin iz qoldirdilar. Ravelli va Brulin musobaqaning ramziy terma jamoasidan joy oldilar.

Ammo afsuski, keyingi turnirlarda Shvetsiyaning u qadar yorqin o‘yinlarini ko‘rmadik. Keyingi Yevropa va jahon chempionatlarida saralashdayoq muvaffaqiyatsizlikka uchraldi. Yaqinroq davrlardagi Shvetsiya deganda faqat JCh-2002 yilda Nigeriya, Angliya va Argentinadan iborat o‘lim guruhida g‘olib bo‘lishgani-yu, Yevro-2004 da daniyaliklar bilan birgalikda Italiya ustidan qanday kulganliklari xayolga keladi, xolos. Asosan Zlatan Ibrahimovich misolida dunyoning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bilan turnirga tashrif buyurib, ko‘pincha, bor imkoniyatini ishga sola olmay qaytib ketadigan o‘rtamiyonaga aylanib qolgan xolos. So‘nggi ikki jahon chempionati final bosqichida esa, Shvetsiya qatnasha olmadi.

SARALASh

Katta ehtimol bilan, bu safar ham Shvetsiya mundialsiz qolishi va u yerda hech kim ular bilan qiziqmasligi mumkin edi. Dunyo o‘rganib qolgandi, tarixida 11 marotaba final bosqichida qatnashgan Shvetsiyaning yo‘qligi oddiy holga aylanib qolgandi. Navbatdagi jahon chempionati saralashi uchun qur'a tashlangach, ular ustidan xukm o‘qib qo‘yganlar ham ko‘p bo‘lgani tabiiy.

Shvedlar A guruhida Niderlandiya va Fransiya bilan bir guruhdan joy olgandilar. Yo‘llanma hatto 2-o‘ringa ham to‘g‘ridan to‘g‘ri berilmasligini inobatga olsak, juda qiyin vazifa, to‘g‘rimi?

Foto: AP

Kim o‘ylabdi deysiz, Lyuksemburg ustidan qozonilgan 8:0 hisobidagi g‘alaba mana shunday qiyin guruhdan chiqish uchun yordam berishini. Yakunda Shvetsiya faqat to‘plar nisbatidagi farq evaziga Niderlandiyani ortda qoldirishdi. So‘nggi turda Niderlandiya shvedlarni qabul qildi va quvib o‘tish uchun ularga 6:0 hisobidagi g‘alaba kerak edi. Robben va sheriklari faqat ikki gol bilan kifoyalanishdi xolos.

Bu muvaffaqiyatdan so‘ng ham barchasi mavhum, chunki o‘tish o‘yinlari uchun qur'ada Italiya tushib qolgandi. Hamma aynan Italiyaning mundialga chiqishini taxmin qilgan, balki istagan ham bo‘lishi mumkin. Lekin dastlabki o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan skandinaviyaliklar Rimda o‘z darvozalarini daxlsiz saqlay olishdi. O‘sha o‘yindagi himoyadagi ajoyib o‘yin, balki ba'zi ma'noda qahramonlikka ko‘pchilik tan berdi va hech kimning xayoliga shvedlarning mundialga borishga loyiq emasligi haqidagi fikrlar kelmagan bo‘lsa kerak.

HOZIRGI ShVeTsIYa

Jamoani Yevro-2016 dan so‘ng, Yanni Andersson qabul qilib oldi. Jamoada avvalo, yosh va tajriba uyg‘unligini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, himoya markazida 33 yoshli jamoa sardori Andreas Gronkvist bilan birga, "Manchester Yunayted" safida bir mavsum o‘tkazgan 23 yoshli Viktor Lindelof to‘p suradi. Yarim himoyada tajribali Sebastian Larsson va Gustav Svenssonlar bilan birga Emil Forsberg, Viktor Klassonlarni ham ko‘rish qiziq bo‘ladi.

Foto: Reuters

Terma jamoa mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, Yevro-2016 dan so‘ng terma jamoadagi faoliyati yakunlanganini e'lon qilgan Zlatan Ibrahimovich ham Rossiyaga bormoqchi ekaniga shama qilgandi. Ammo Andersson bunga e'tibor bermadi. Birinchidan, Ibrahimovichning o‘zi so‘nggi mavsumni asosan jarohatlar girdobida o‘tkazdi. Ikkinchidan, menimcha asosiy sabab, Zlatanning jamoada bo‘lishi ishlab turgan tizimning buzilishiga, o‘yin uslubining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin edi. Ibrahimovich marketing nuqtai nazaridan, tomoshabinlarning terma jamoaga e'tiborini oshirish uchun balki kerakli nomdir, ammo sportcha fikrlaganda, murabbiyning qarorini hamma tushunib turgan bo‘lsa kerak.

Bundan tashqari, Shvetsiya terma jamoasi hujum chizig‘ini shundoq ham tajribali futbolchilar tashkil qiladilar. Markus Berg va Ola Tayvonenlar terma jamoa safida ellikdan ortiq o‘yinlarda maydonga tushib ulgurishgan. Shuningdek, "Manchester Siti" tarbiyalanuvchisi, so‘nggi yillarni La Ligada o‘tkazayotgan Yon Gvidetti ham har qanday raqib himoyachilari uchun noqulay hujumchi sanaladi.

E'TIBOR BeRISh KeRAK: Emil Forsberg

Forsberg 1991 yilda tug‘ilgan. Qanot yarim himoyachisi va hujumchisi. Shvetsiyaning "Sundsvall" klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi, lekin "Malme"dagi o‘yinlari orqali futbol skautlarining nazariga tushgan. Yevropada esa, u asosan Bundesliga vakili "RB Leyptsig"dagi o‘yinlari orqali tanildi.

Bundesligaga chiqqan ilk mavsumida "Leyptsig" hammani hayron qoldirgan holda turnir peshqadamlaridan biriga aylandi va hatto Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mark Forsberg esa, bu jamoaning asosiy figuralaridan biri edi. Tabiiyki, bir qator Yevropa grandlari uni ko‘z ostilariga olishdi va futbolchining narxi 50 million yevrogacha ko‘tarilib ketdi. Faqat Forsberg o‘shanda faqat bir mavsumni yuqori saviyada o‘tkazgani ba'zi jamoalarni cheklagan bo‘lishi mumkin.

Foto: Reuters

Forsberg ikkinchi mavsumda ham, Chempionlar Ligasida ham yo‘qolib qolmadi. Shvetsiya terma jamoasi tarkibida ham sheriklarini o‘z ortidan boshlaydigan muhim futbolchiga aylandi. Ana endi, unga keyingi bosqichga qadam qo‘yish, kuchliroq klub safidan o‘rin olish payti keldi. Balki ba'zi klublar allaqachon e'tiborlarini unga qaratishib, mundialda u o‘zini qanday ko‘rsatishini kutib turishgandir.

Nima bo‘lgandayam, Rossiyadagi musobaqa Forsberning terma jamoasi uchungina emas, uning keyingi faoliyati uchun ham katta ahamiyat kasb etadigan turnir bo‘ladi.

JCh-2018

Shvetsiya F guruhida Germaniya, Meksika va Janubiy Koreya terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Dastlabki o‘yin 18 iyun kuni koreyslarga qarshi Nijniy Novgorodda, 2-tur Germaniyaga qarshi 23 iyun kuni Rostovda bo‘lib o‘tadi. Ko‘p masalani hal qilishi mumkin bo‘lgan Meksikaga qarshi so‘nggi tur o‘yini esa, 28 iyun kuni Yekaterinburgga belgilangan.

Afsuski, guruh o‘yinlarining birortasi ham Krasnodarga belgilanmagan ekan. Jamoa sardori Andreas Grankvist, hamda yarim himoyachi Viktor Klassonlar aynan "Krasnodar" klubi a'zolari sanaladilar. Ya'ni bu shahardagi stadionda Shvetsiya o‘zini uyidagidek his qilishi mumkin edi.

Foto: Getty Images

Yana bir qiziq fakt. Shvetsiya terma jamoasi o‘z tarixidagi eng yirik g‘alabani Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘yinda qayd etgan ekan. 1948 yilda shvedlar koreyaliklar darvozasiga javobsiz 12 gol yo‘llashgan. Bu o‘yin olimpiada o‘yinlari doirasida bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng, biror marta ham bu jamoalar rasmiy o‘yinlarda raqib bo‘lishmagan ekan.

Mavzu
Rossiya mundiali

2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11ta shahrida 12ta stadionda JCh-2018 bo‘lib o‘tadi. Rossiya ilk bor mundialga mezbonlik qilmoqda.

Barchasi
Top