Paradise Papers ofshor hujjatlarida fosh qilingan 5 ta eng yirik holat

Foto: InvestmentNews
Ofshor bank amaliyotlariga ixtisoslashgan huquqshunoslik firmasidan hujjatlarning sizib chiqishi dunyodagi eng boy va nufuzli shaxslarning, jumladan AQSh savdo vaziri Uilbur Ross va Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ning kuchli himoyalanuvchi sirlari haqida bilish imkonini berdi.
Bermud orollaridagi Appleby kompaniyasining Paradise Papers nomli arxivi Germaniyaning yetakchi gazetasi tahririyatiga kelib tushgan, u yerdan esa Xalqaro jurnalistik surishtiruvlar konsorsiumiga topshirildi. Avvalroq bu tashkilot 2015 yilda ofshor kompaniyasidan xuddi shunga o‘xshash ma'lumot sizib chiqishini tekshiruvdan o‘tkazgani sababli Pulittser mukofotiga loyiq deb topilgandi. Quyida Paradise Papers’dagi beshta eng yirik ma'lumot keltiriladi.
Uilbur Rossning Rossiya bilan aloqalari ancha qalin bo‘lib chiqdi

Ma'lum bo‘lishicha, AQSh savdo vaziri Uilbur Ross Navigator transport kompaniyasidagi o‘z ulushini, hattoki Donald Trampning vazirlar mahkamasiga kirganidan so‘ng ham saqlab qolgan. Navigator’ning eng muhim mijozlaridan biri – Rossiyaning Sibur energetika kompaniyasi. Sibur’ning egalari esa rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko (Putinning yaqin do‘sti) va Rossiya prezidentining kuyovi Kirill Shamalovdir.
AQSh Davlat departamenti sobiq xodimi va Rossiya bo‘yicha ekspert Deniyel Fridning The New York Times gazetasiga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, Sibur RF rahbariyati bilan qalin aloqalarga ega, biroq Ross buni lavozimiga ilgari surish jarayonida yashirgan.
Sibur – transport kompaniyasining oddiy mijozi emas. Times jurnalining ta'kidlashicha, 2016 yilda Navigator rahbari Devid Batters aksiyadorlar bilan yillik uchrashuv vaqtida Sibur amerikalik raqobatchilarni ortda qoldirishi va Yevropa energetika bozorini o‘z nazoratiga olishi bilan maqtangan. Ekspertlarning fikricha, Rossning Putinga juda yaqin bo‘lgan shaxslar tomonidan nazorat qilinuvchi rus kompaniyasi bilan aloqalari uning mamlakat savdo siyosatiga javobgar bo‘lgan vazirlar mahkamasi a'zosi sifatidagi vakolatlari bilan ehtimoliy manfaatlar ziddiyatini keltirib chiqaradi.
Rossning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Jared Kushner Facebook va Twitter aksiyalarini Rossiya pullariga sotib olgan
Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi bo‘lgan Kushner texnojamg‘armaga asos solgan. Uning sarmoyadorlaridan biri esa rossiyalik ishbilarmon Yuriy Milner bo‘ldi. Rossiyada Milner texnologik loyihalarga o‘zining yirik investitsiyalari bilan mashhur. Paradise Papers’ning ko‘rsatishicha, Milner Rossiyadan davlat mablag‘larining yirik miqdorlarini chiqarib olgan va ularga Facebook hamda Twitter aksiyalarini sotib olgan.
Hujjatlarga ko‘ra, 2011 yilda Rossiyaning VTB davlat banki Twitter’ga 191 mln. dollar miqdorida investitsiyalarni moliyalashtirdi. O‘z navbatida, Gazprom Investxolding «ofshor kompaniyasi hisobiga 1 mlrd. dollar o‘tkazib bergan», ular Facebook aksiyalarini sotib olishga mo‘ljallangan. Pullar Milner orqali o‘tgan, deya xabar bermoqda Guardian gazetasi.
Avvalroq Kushnerga qarshi tekshiruv o‘tkazilgandi. Bu uning Rossiyadan sarmoyadorlarni ko‘chmas mulk sohasidagi loyihalarga jalb etish bo‘yicha xatti-harakatlari tufayli yuz berdi.
Qirolicha Yelizaveta II’ning ofshorlarda hisob raqamlari topildi

Qirolicha Yelizaveta II’ning 650 millionli dollarlik davlatidan taxminan 13 millioni ofshor jamg‘armalarga investitsiya qilingan.
Mablag‘lar Kayman va Bermud orollaridagi kompaniyalarga qirolicha nomidan boshqaruvchi tashkilot – Lankaster Hertsogligi tomonidan yo‘naltirilgan. Garchi bunda noqonuniy hech narsa bo‘lmasa ham, Bi-bi-si’ning qirollik muxbiri Nikolas Uitchell shunday yozadi:
«Bu hayratga sabab bo‘ladi. Qirolichaning maslahatchilari nahotki ofshor jamg‘armalarga sarmoyalar asosiy vazifasi – fuqarolarga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan shaxs uchun nomaqbul ishga aylanishi haqida o‘ylab ko‘rishmagan?»
Bundan tashqari, Guardian ma'lumotlariga ko‘ra, pullarning bir qismi «aholining qashshoq va himoyasiz qatlamlaridan foydalanishda ayblanayotgan» kompaniyasi tasarrufida bo‘lgan.
Nike va Apple soliq boshpanalaridan foydalanishga uringan

ICIJ hisobotida Amerikaning Nike va Apple kabi korporatsiyalarining ofshor tuzilmalar bilan aloqalari tilga olinadi. Jurnalistlar shunday yozadi:
«Hujjatlarning ko‘rsatishicha, yirik korporatsiyalar nomoddiy aktivlar (masalan, Nike logotipi)ni saqlash uchun soxta ofshor yuridik shaxslarni tashkil qilib, soliqlardan qochishgan».
Shu bilan birga, Apple go‘yoki «AQSh Senati texnologiya giganti daromadlarni Irlandiyadagi bo‘linmalarga o‘tkazib, o‘n milliardlab dollarni iqtisod qilgani haqida bilib qolgach, Yevropa va Karib havzasi davlatlarida yangi soliq boshpanalarini izlagan».
Xabar qilinishicha, Apple huquqshunoslari elektron maktublardan birida Appleby’dan firma Irlandiyadan kapitallarni «bu yurisdiksiyalarda soliqlardan qochgan holda» olib chiqishi mumkinligi haqidagi faktni tasdiqlashni so‘rashgan.
Hujjatlarda Donald Trampga yaqin shaxslar haqida ma'lumotlar bor

Hujjatlarda tilga olingan milliarderlardan ko‘pchiligi Appleby nazoratidagi ofshor hisob raqamlari bilan bog‘liq. Ular orasida Donald Trampning ishonchli shaxslari, do‘stlari va hamkasblari bor:
Davlat kotibi Reks Tillerson;
Milliarder Robert Merser;
O‘yin magnati Stiv Uinn;
Elliott hej-fondi boshqaruvchisi Pol Singer;
Oq uyning katta iqtisodiy maslahatchisi va Goldman Sachs bankining sobiq xodimi Geri Kon;
Developer va quruvchi Jyeffri Palmer;
Federal zaxira tizimi boshqaruv kengashi a'zosi Rendall Kuorlz;
Aka-uka Koxlar;
Kazino egasi Sheldon Adelson;
Milliarder Stiven Shvartsman;
Ko‘chmas mulkka investor Tomas Barrak;
Investor va milliarder Karl Aykan.
Ular hech biri hozircha qonunni buzishda gumon qilinayotgani yo‘q.
Mavzuga oid

19:38 / 08.06.2024
Yakuniy benefitsiarlarni ochiqlash haqidagi qonun taqdiri nima bo‘ldi?

15:51 / 15.04.2023
Benefitsiarlari ofshorda ro‘yxatdan o‘tgan norezidentlar ham O‘zbekistonda bank ochishi mumkin bo‘ladi

20:35 / 07.05.2022
Ofshor kompaniyalarga o‘z benefitsiarlarini ochiqlash talabi qo‘yilishi mumkin

08:23 / 16.10.2020