Fan-texnika | 18:33 / 25.11.2016
26265
2 daqiqa o‘qiladi

Chevrolet Rossiyaga Lada Vesta “qotili”ni olib keldi

Rossiya avtomobil bozorida Ravon R4 sedanining savdosi boshlandi. U rossiyaliklarga yaxshi tanish bo‘lgan Chevrolet Cobalt modelining qayta ishlangan namunasi bo‘lib, GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning Asaka shahridagi zavodida ishlab chiqiladi. Uning narxi 499 000 rubl (7700 AQSh dollari)dan boshlanib, eng qimmatini 619 000 rubl (9600 dollar)ga xarid qilish mumkin. 

Sedanning uchta namunasiga ham bir xil, 106 ot kuchiga ega 1,5 litr hajmli benzinda yuruvchi motor o‘rnatiladi. U besh bosqichli mexanik yoki olti diapazonli «avtomat» uzatmalar qutisi yordamida avtomobilni harakatga keltiradi. Ravon R4 11,7 va 12,6 soniyada tezligini 100km/soatga chiqara oladi. Shaharda yoqilg‘i sarfi 8,4 va 10,4 litrni tashkil etadi. 

Model uch xil: Comfort, Optimum va Elegant tasnifda taklif etiladi. Uning eng arzon modeliga haydovchining xavfsizlik yostiqchasi, markaziy qulf, USB-portli audiotizim, karter himoyasi va immobilayzer kiradi.

Optimum tasnifidan boshlab konditsioner o‘rnatiladi. Eng qimmat modelida esa, yuqoridagilardan tashqari, old o‘rindiqlarni isitish, bolalar o‘rindig‘ini mahkamlash uchun Isofix, tumanga qarshi chiroqlar, old yo‘lovchi xavfsizlik yostiqchasi kabilar bo‘ladi. 

Avtomobil bozori ekspertlari esa, ushbu sedanning ayrim jihatlari tufayli Rossiyaning “AvtoVAZ” kompaniyasining yangi mahsuloti Lada Vesta sedaniga jiddiy raqobat uyg‘otishi mumkinligini aytishmoqda.

R4 sedanidan tashqari, Rossiya bozorida GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqariladigan Nexia R3 va Gentra sedanlari, shuningdek, Ravon R2 xetchbeki ham sotiladi. 

Mavzuga oid