Jahon | 10:58 / 19.09.2016
3501
1 daqiqa o‘qiladi

Hillari Klinton Yaponiya bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazadi

AQSh prezidentligiga Demokratlar partiyasidan nomzod Hillari Klinton Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi sessiyasiga tashrif buyurgan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashuv o‘tkazish haqida kelishib oldi. Kyodo agentligining xabar qilishicha, muzokara Sharqiy Osiyodagi vaziyatga, xususan ushbu hududdagi mojarolar va KXDRning raketa-yadroviy dasturiga oid bo‘lishi kutilmoqda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, uchrashuv Klintonning tashabbusi bilan o‘tkaziladi. Ta'kidlanishicha, u shu orqali Yaponiya bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi eng muhim ittifoqdoshi sifatida uzviy aloqalariga urg‘u bermoqchi.

Klintonning raqibi va respublikachilar nomzodi Donald Tramp Tokioni bir necha marotaba qurolli kuchlarga kam xarajat ajratayotganlikda ayblagan, bundan tashqari u Yaponiya Amerika harbiy bazalariga ko‘proq mablag‘ ajratmagan taqdirda, ikki tomonlama harbiy-siyosiy muzokaralar tizimini qayta ko‘rib chiqishni aytib, tahdid qilmoqda.

Mavzuga oid