Jahon | 20:47 / 20.07.2025
2421
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaga muzokaralarning yangi raundini o‘tkazishni taklif qildi

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi, sobiq mudofaa vaziri Rustem Umerov Rossiya tomoniga kelasi hafta, ya’ni 21-27 iyul kunlari Istanbulda muzokaralarning uchinchi raundini o‘tkazishni taklif qildi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 iyul yakunlari bo‘yicha murojaatida.

«Muzokaralar dinamikasini oshirish kerak. O‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun hamma narsani qilish kerak. Rossiya tomoni ham yechimlardan qochishni bas qilishi kerak», – dedi Zelenskiy. U muzokaralar harbiy asirlarni almashish, bolalarni qaytarish va «qotilliklarni to‘xtatish»ga bag‘ishlanishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Zelenskiyning fikricha, uchrashuvni «yetakchilar darajasida» o‘tkazish kerak. U bu «haqiqatan ham uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash uchun» zarurligini aytib o‘tgan. U bunday uchrashuvga tayyorligini qo‘shimcha qildi. Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Putin bilan alohida uchrashuv, shuningdek, Putin va Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgandi.

TASS agentligining Rossiya muzokaralar guruhiga yaqin bo‘lgan manbasi Ukraina Rossiyaga muzokaralarning yangi raundini kelasi hafta o‘tkazishni taklif qilganini tasdiqladi. Agentlikning yana bir manbasi ma’lum qilishicha, «sana hali yo‘q, kelishiladi». Kreml va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hozircha Zelenskiyning taklifiga izoh bermadi. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 iyul kuni Rossiya «muzokaralar jarayoniga dinamika qo‘shish» tarafdori ekanligini aytdi.

Istanbul Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar raundi uchun maydon bo‘lib qoladi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligining «Zvezda» telekanali manbasi.

Germaniyaning Der Spiegel nashri «Ukrainaning yangi tashabbusi ortida AQSh bilan kelishuvlar turgan bo‘lishi mumkinligi»ni taxmin qildi. Yakunlangan hafta boshida Kiyevga AQSh prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellog kelgandi. Bundan tashqari, Donald Tramp 14 iyul kuni Moskva 50 kun ichida urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, Rossiyadan keladigan tovarlarga yuz foizlik bojlar joriy qilish bilan tahdid qildi.

Rossiya va Ukraina bungacha Istanbulda muzokaralarning ikki raundini o‘tkazgandi — 16 may va 2 iyun kunlari. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish masalasida siljishga erishmagan, ammo asirlar va harbiylarning jasadlarini almashishga kelishib olgandi.

Mavzuga oid