Jahon | 18:49 / 19.07.2025
1732
2 daqiqa o‘qiladi

Kuba prezidentlikka nomzodlar uchun 60 yosh chegarasini bekor qildi

Buning sababi aholining qarishi, deb ishontirmoqda rasmiylar.

Foto: AMD

Kubada prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun 60 yosh cheklovi bekor qilinishi ma’qullandi. Buning sababi, rasmiylarning ta’kidlashicha, aholining qarishi. Islohot bir ovozdan qabul qilindi, deb yozdi OnCubaNews nashri.

Islohot amaldagi Konstitutsiyaning 127-moddasiga taalluqli va prezidentlikka birinchi marta saylanish vaqtida 60 yoshdan oshmaslik talabini bekor qiladi. Qolgan shartlar saqlanib qoladi: 35 yoshdan katta bo‘lish, asli kubalik bo‘lish va boshqa fuqarolikka ega bo‘lmaslik.

Yosh chegarasi 2019 yilda 94 yoshli general Raul Kastroning taklifiga binoan - aka-uka Kastrolar va ular davrasining oltmish yillik hukmronligidan keyin avlodlar almashinuvini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan edi.

Ta’kidlanishicha, yosh chegarasini bekor qilishning asosiy sababi Kuba aholisining sezilarli qarish jarayoni bo‘lib, bu 2019 yildan beri mamlakatning demografik manzarasini sezilarli darajada o‘zgartirgan.

Kuba Milliy statistika boshqarmasi (ONEI) rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda aholining qariyb 20,4 foizi (taxminan 2,2 million kishi) 60 yosh va undan katta bo‘lgan. 2025 yilga kelib bu ulush 24,4 foizga yetdi, ya’ni kubaliklarning deyarli chorak qismi keksalardir.

2019 yilgi Konstitutsiya bo‘yicha saylangan va 2023 yilda qayta saylangan amaldagi prezident Migel Dias-Kanel (65 yosh) Assambleya oldida ushbu chora «hozirgi voqelikka javob berishini» va «nomzodlarning keng doirasiga» oliy davlat lavozimiga da’vogarlik qilish imkonini berishini aytdi. Uning muddati 2028 yilda tugaydi.

Mavzuga oid